Bugun davlatimizning asosiy bayramlaridan biri – O‘zbek tili kuni. Bu kun butun mamlakat bo‘ylab keng nishonlanadi, chunki til – millat ko‘zgusi, xalq qadri va tarixidir. Til muloqot vositasi bo‘lib, u millatning o‘ziga xosligidan dalolat beradi, maʼnaviy salohiyatini belgilaydi.
Sirdaryo viloyatidagi oilaviy bolalar uylari farzandlari taʼlim olayotgan 16-umumtaʼlim maktabida “O‘zbek tili” kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bolalar davlat tilida kuy-qo‘shiqlar ijro etib, sheʼrlar o‘qishdi, shuningdek, sevimli o‘zbek yozuvchi va shoirlari asarlari asosida sahna ko‘rinishlarini namoyish etishdi.
30-sonli “Mehribonlik” uyida ham “O‘zbek tili kuni” bayramiga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi. Bolalar va o‘qituvchilar tomonidan to‘laqonli konsert dasturi tayyorlandi: o‘g‘il-qizlar o‘zbek tilida qo‘shiqlar kuylashdi, sheʼrlar o‘qishdi, o‘zlari yoqtirgan o‘zbek xalq ertaklari asosida sahna ko‘rinishlarini namoyish etishdi.