O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining 30 yilligi va 20 noyabr - Butunjahon bolalarni himoya qilish kunida mamlakatimizning uchta viloyatida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilaridan 26 nafari o‘z oilasiga ega bo‘ldi.
Qolaversa, birgina Qoraqalpog‘istonning o‘zida uchta oilaning ota-ona mehridan mahrum bo‘lgan bolalarni voyaga yetkazish, ularga mehr-muhabbat ulashish orzulari amalga oshdi.
Baxtli oilalardan biri Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi serjant Dauletnazarov Jenis oilasi bo‘lib, rafiqasi Gozzal bilan birgalikda to‘rt o‘g‘il va ikki qizni o‘z qaramog‘iga olishdi. Shu munosabat bilan serjant xizmat ko‘rsatadigan bo‘linma rahbariyati, safdoshlari va qo‘shnilari tomonidan bayram uyushtirilib, unga davlat hokimiyati organlari vakillari taklif etildi.
Shuningdek, Xo‘jayli tumanida birin-ketin ikkita oilaviy bolalar uylari ochildi. Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunda Dauletmuratovlar oilasiga besh nafar– bir o‘g‘il va to‘rtta qiz yangi oila aʼzolari sifatida qabul qilindi.
Muyassar Tursunova oilasi tomonidan ham besh nafar farzand tantanali ravishda kutib olindi. Qahramonimiz ko‘p yillar davomida yopiq turdagi bolalar muassasasida ishlab keladi va u bolalar bayramlarni oila davrasida nishonlashni, o‘z tajribalarini ota-onalari bilan o‘rtoqlashishni orzu qilishlarini juda yaxshi biladi.
Bolalarni tarbiyalash hamda ularni o‘z yaqinlari bilan birgalikda voyaga yetkazishni azaldan orzu qilib kelgan Muyassar va uning boshqa viloyatlardagi hamkasblari - buxorolik X.Hamidova va xivalik L.Ollabergenovalar besh nafardan tarbiyalanuvchilarni o‘z bag‘riga olishdi.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi tufayli ana shu insonlar qatorida yuzlab o‘zbek oilalarining orzusi ushaldi.
Mehribonlik uyining sobiq tarbiyalanuvchilari o‘z oilasiga ega bo‘lganligi tufayli ota-onalari bilan birgalikda mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazgani ramziy maʼnoga egadir. Bu bo‘lsa, bolalarning yangi oilada ildiz otishi, kechagi “mehribonlik uylari”dan o‘z oilasida mehr va g‘amxo‘rlikdan sug‘orilgan ana shu daraxtlar kabi o‘sib, gullab-yashnashini anglatadi.