Farg‘ona viloyati Furqat tumani hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim mudiri Zarifaxon Alixo‘jayeva, bir qator hamkor idora va tashkilotlar vakillari 23-sonli maktabda qirq yildan buyon taʼlim berib kelayotgan Halimaxon Nurmatovaning xonadoniga tashrif buyurdi.
Halimaxon ona hayotini o‘quvchilarisiz, farzandlarsiz tasavvur qila olmaydi. Uning bolalarga boʻlgan mehr-muhabbati shu qadar kuchliki, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash tizimi tubdan yangilanganidan soʻng, qahramonimiz “Murg‘ak qalb” va “Mehribon qalb” nomli ikkita Oilaviy bolalar uyi faoliyatini yoʻlga qoʻydi va 16 nafar bolajonlarni oʻz tarbiyasiga oldi.
Mehmonlar Halima onani 40 yillik yubileyi bilan samimiy qutlab, o‘zlarining ezgu tilaklarini izhor qilishdi.