Dam olish kuni Milliy gvardiya Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiluvchi “Manzura ona”, “Muqaddam ona” va “Yangi O‘zbekiston” nomli Oilaviy bolalar uylarining 24 nafar oʻgʻil-qizlari uchun poytaxtimizga ekskursiya tashkil etildi.
Yoʻl-yoʻlakay harbiylar va bolajonlar Vatan, bolalik haqida qo‘shiq hamda she’rlarni kim ko‘proq bilish kabi oʻyinlar bilan o‘zaro bellashdi. Bolajonlar shaharning eng go‘zal maskanlaridan biri – “Toshkent city” bog‘iga tashrif buyurdi. Sayohat davomida goʻzal qirgʻoqlar boʻylab sayr qilib, mashhur Disneylandni eslatuvchi shahar koʻchalarida suratga tushishdi.
Unutilmas taassurotlarga ega oʻgʻil-qizlar uylariga mamnun holda qaytdilar.