Poytaxtimizdagi “Ekobozor” majmuasi vakillari tomonidan Chirchiq shahridagi 14-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari oʻyin maydonchasida kechani oʻtkazishga taklif etildi. Bu yerdagi oʻyin mashinalari, toʻplar va yumshoq kvadratchalar bilan toʻldirilgan "hovuzlar", toqqa chiqish va sakrash uchun barcha turdagi jihozlarga ega balandlik va oʻyin maydonchalari bolajonlarga juda manzur boʻldi. Uyga qaytishdan oldin o`gʻil qizlar mazali taomlar bilan bezatilgan dasturxonga taklif etildi.
Xayrlashuv chog`ida tashkilotchilar bolajonlarga ezgu tilaklar bildirib, aʼlo baholarga oʻqishlarini tiladi. Tarbiyalanuvchilar ham oʻz navbatida, yaratilgan imkoniyat uchun minnatdorchilik bildirishdi.