Yangi yil bayramining o‘ziga xos shukuhi bor. Ayniqsa «Prezident archasi» tadbirining tarovati bolajonlar bilan yana-da zavqli. Andijon shahridagi «Qo‘g‘irchoq teatri»da anʼanaga ko‘ra Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan bolalar uchun «Prezident archasi» tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etib, bolajonlarni Yangi yil bilan samimiy qutladi. Shuningdek, ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bayram tabrigini yo‘llab, 30 nomdagi o‘quv qurollari, o‘yinchoqlar va shirinliklardan iborat 714 dona sovg‘ani o‘z egalariga ulashdi.
Qorbobo va qorqiz, ertak qahramonlarining chiqishlari bayramga yana-da joziba bag‘ishladi. Vatan, Istiqlol, Yangi yil, baxtli bolalikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar barchani raqsga chorladi.