Bugun Toshkent shahridagi 22- sonli “Mehribonlik” uyida Butunjahon avtomobilsiz kuni munosabati bilan qiziqarli va maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, unda bolalarga atrof-muhitni asrash muhimligi, velosipedda sayohat qilish qoidalari haqida so‘zlab berildi.
Milliy gvardiya Axborot xizmati tomonidan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etish uchun Ekologiya partiyasi hamda Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, “Adolat” SDP hamda Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi vakillari, “Hayot” hayvonlarni himoya qilish jamiyati va “Mushukkent” loyihasi faollari taklif etildi.
Bolalarga atrof-muhitga chiqariladigan zararli chiqindilarni kamaytirish maqsadida tashkil etilgan avtomashinalarsiz kunning tarixi, inson organizmi uchun toza havo qanchalik muhimligi haqida so‘zlab berildi. O‘g‘il-qizlar shu kuni boshqa mamlakatlarda ham shunday tadbirlar qanday bo‘lib o‘tayotgani va mamlakatimizning atrof-muhitni muhofaza qilish va asrash borasidagi davlat siyosati haqidagi qiziqarli maʼlumotga ega bo‘ldilar.
Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi masʼul xodimlari tarbiyalanuvchilarga 300 dan ortiq o‘simlik va 200 dan ortiq yo‘qolib ketish arafasida turgan va alohida davlat muhofazasiga olingan hayvonlar turlarini o‘z ichiga olgan yangi nashrdagi “Qizil kitob”ni topshirdilar. Bundan tashqari, “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilariga velosipedlar ham sovg‘a qilindi.
Ekologik partiya vakillari tomonidan bolalarning ekologiya bo‘yicha bilimlari, tabiatshunoslik fanining asosiy atama va vazifalari yuzasidan viktorina o‘tkazilib, nafaqat savollarga to‘g‘ri javob berganlar, balki faol ishtirokchilarga ham sovg‘alar topshirildi. “Hayot” nodavlat notijorat tashkiloti va “Mushukkent” loyihasi faollari bolalarga murojaatida ularni hayvonlarga mehribon bo‘lishga chaqirdilar. Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasi xodimlari yo‘l nazoratchisi qanday ishlashini, tayoqcha va hushtak bilan ishoralar nimani anglatishini amaliyotda ko‘rsatib berdilar, shundan so‘ng bolalarning o‘zlari tayoq bilan ishora qilishga harakat qilishdi.
Tadbirning eng qizg‘in qismi velosipedda estafeta musobaqasi bo‘ldi: estafeta davomida ishtirokchilar maʼlum trayektoriya bo‘ylab haydash qobiliyatlarini namoyish etishlari kerak edi. Ushbu vazifani velosipedni stakandagi suvni to‘kmasdan haydash shart murakkablashtirdi.
Bu kun o‘g‘il-qizlarga kitoblar, kanselyariya mahsulotlari, tashkilot logotipi tushirilgan futbolka va bosh kiyimlar, erta tongda va kechki payt bolalarning maktabga bexatar borib kelishi hamda yo‘llarda haydovchilar ko‘ziga ko‘rinib turishiga yordam beradigan nur aks ettiruvchi jiletlar singari turli sovg‘alar topshirildi.