Davlatimiz rahbarining 2022 yil 19 yanvardagi "Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarorini amalga oshirish maqsadida Namangan viloyatida Milliy gvardiya boshqarmasi hamda viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda madaniyat va sport umumtaʼlim maktablari o‘quvchilari, mahalliy yoshlar, xalq taʼlimi bo‘limi tasarrufidagi Davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari, Oilaviy bolalar uylari farzandlari ishtirokida tadbir tashkil etildi.
Mazkur kunda bolalar uchun mardlik va jasoratga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazilib, unda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari faxriylari so‘zga chiqdilar. Yosh avlodga armiya va Ichki ishlar organlarida xizmat qilish, o‘z yurtida tinchlik va o‘z fuqarolaring xavfsizligi yo‘lida jon bergan qahramonlar haqida so‘zlab berildi. Uch avlod uchrashuvi yoshlarda o‘chmas taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng, belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempionati sovrindori, Namangan viloyati “Qo‘riqlash” boshqarmasi xodimi, kichik serjant Athamjon Valijonov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Sportchimiz bolalar va yoshlar bilan Jahon chempionatidagi ishtiroki haqida taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir doirasida bolalarga Milliy gvardiya faoliyatiga oid hujjatli film, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha, shuningdek, xizmat itlari hamda it boquvchilar ishtirokidagi ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Tadbirning rasmiy qismidan so‘ng bolajonlar uchun o‘q otish va ot sporti bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.
Harbiy texnika ko‘rgazmasi yosh tomoshabinlarda harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishlarini yana-da ortishiga sabab bo‘ldi.