Kuni kecha Milliy gvardiya tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi O.Jo‘rayevaning bolalari uchun Sariosiyo tumanidagi Sangardak sharsharasiga sayohat uyushtirildi. Tuman markazidan qariyb 52 km uzoqlikdagi so‘lim go‘sha dengiz sathidan 2000 metr balandlikda tog‘lar orasidagi Sangardak qishlog‘i yaqinida joylashgan. Sharshara yer sathidan 120 metr balandlikdan, tog‘ qoyasidan otilib tushadi. Bu yerning zilol suvi, ajib tabiati, salqin shabadasi odamlarning sevimli ziyorat maskaniga aylantirgan. Yozgi taʼtilni maroqli o‘tkazayotgan bolajonlarga bu maskan ulkan taassurot qoldirdi. Tog‘ qo‘ynida, suv bo‘yida mazza qilib, o‘yin-kulgu qilishib, madaniy hordiq chiqardilar.