Eng sovuq kunlarda ham oilaviy bolalar uylari issiq, shinam va qulay bo‘lishini taʼminlash maqsadida Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi vakillari viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda har bir oilaviy bolalar uylarini ko‘zdan kechirdi. Xususan, isitish tizimlari, pechka va mo‘rilar, elektr simlarining holati sinchkovlik bilan o‘rganilib, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalarining mavjudligi va yaroqliligi tekshirildi. Kamchilik va nosozliklar aniqlangan holda ularni imkon qadar tezroq bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Xonadonlarning isitish tizimlari va qurilmalarining texnik holatini tekshirishdan tashqari, gvardiyachilar va o‘t o‘chiruvchilar yong‘in xavfsizligi mavzusida suhbatlar o‘tkazmoqda. Ular ko‘pincha yong‘in nima sababdan kelib chiqishini, nima uchun elektr simlari va gaz qurilmalarining yaroqliligiga eʼtibor berish juda muhimligini va hech qachon qo‘lbola isitish moslamalarini ishlatmasliklarini tushuntirmoqda. Shuningdek, uglerod oksidi qanday hosil bo‘lishi va nima uchun u "tilsiz qotil" deb atalishi haqida gapirib berdi. Bundan tashqari, ota-onalar va bolalarga o‘t o‘chirish moslamasidan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish uchun darslar o‘tkazilmoqda.