Farg‘ona viloyatidan o‘n bir yoshli Desna Averyanova sportning taekvondo (ITF) turi bo‘yicha viloyat turnirida birinchi o‘rinni egallab, O‘zbekiston kubogi musobaqasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Yosh sportchining ota-onasi g‘alabadan juda ham mamnun: ular joriy yilning may oyidan buyon birga baxtli yashaydilar. Maharamovlar oilasi Desnani poytaxtimizdagi 30- sonli Mehribonlik uyidan o‘z qaramog‘iga olgan.
Dastlabki kunlardanoq To‘xtasin G‘oyibovich va Mahfuza Xamdamovnalar uni sportga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlab, farzandlarini malakali murabbiyning qo‘liga topshirgan.
Musobaqaning taqdirlash marosimida Desnaning oila aʼzolari hamda yaqinlarining olqishlari ostida g‘olibamiz O‘zbekiston Respublikasi taekvondo milliy assotsiatsiyasi vakillari tomonidan birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi.