Bolalik inson umrining eng beg‘ubor, orzu-umidlarga to‘la jo‘shqin va haroratli damlaridir. Bolaning kulgusi, ko‘zlaridagi quvonch butun olamni yoritadigandek go‘yo. Xalqimiz azaldan bolajon xalq, bunga tariximizdan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Bugun ham yurtimizda turli sohalarda olib borilayotgan islohotlar qatorida ertamiz egalari bo‘lgan mehrga tashna bolajonlarimiz manfaatlarini himoya qilish, ularning maʼnaviy kamol topishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilgan. Shuning barobarida ularning maroqli xordiq chiqarishini tashkil etish maqsadida turli ko‘ngilochar tadbirlar muntazam tashkil etilmoqda.
Ayni shunday tadbirlarning biri, Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan viloyatdagi Asatullayevlar, Mattiyevlar, Behbutovlar hamda Saidovlar oilasi farzandlari uchun tashkil etildi.
Mongoliya davlatidan gastrol safari bilan ayni kunlarda yurtimizda bo‘lib turgan Sirk artistlari bir-biridan qiziqarli tomoshalari, havo akrobatlari, kuchli pahlavonlar, masxarabozlarning hazillarga boy sahna ko‘rinishlari bilan ko‘pchilikning diqqat-eʼtiborini o‘ziga jalb etib, barchani hayratlantirdi.
Taʼkidlash joizki, sirk tomoshasi bolajonlarimiz uchun haqiqiy tuhfa bo‘ldi. Ularning xursandchiligidan qalblar shodlikka to‘ldi.