O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5215-sonli Qarorining 6-bandida Milliy gvardiya Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda Jamoat xavfsizligi universitetida o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyachilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan.
Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari tarbiyachilari malakasini oshirilishi yuzasidan o‘quv kurslari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarida 2021 yil oktyabr oyidan 2022 yil may oyigacha sayyor dars mashg‘ulotlarini tashkil etish orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan 22 noyabr – 4 dekabr kunlari Buxoro viloyati Buxoro shahrida joylashgan 32-sonli Mehribonlik uyi, Oilaviy bolalar uyi tarbiyachilari, psixologlarining malakasi oshirilmoqda.
Bunda malaka oshirish yuzasidan o‘qitiladigan o‘quv dasturi 3 modulni o‘z ichiga olgan bo‘lib, Ijtimoiy, Umumkasbiy, Mutaxassislik fanlari yo‘nalishida tarbiyachilar ish faoliyatida zarur bilim, ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirishga qaratilgan. Xususan, ijtimoiy yetimlikni oldini olish sohasidagi davlat siyosati va tarbiyalanuvchilarni vatanʼarvarlik ruhida tarbiyalash, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni himoyalash sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilik, tarbiyachining kasbiy kompetentligi va kreativligi, inklyuziv taʼlim muammolari kabi mavzularni o‘z ichiga olgan.
Shu kunga qadar, Jamoat xavfsizligi universiteti Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari tarbiyachilari malakasini oshirilishi yuzasidan tarbiyalanuvchilar yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda 4 toifaga (maktabgacha yosh, kichik maktab yoshi, o‘smirlik, o‘spirinlik yosh davrlari) ajratilgan o‘quv dasturlari 144 soatga mo‘ljallangan holda ishlab chiqildi. Ushbu o‘quv dasturlari Xalq taʼlimi va Maktabgacha taʼlim vazirliklari bilan kelishildi. Shuningdek, ushbu dastur yuzasidan didaktik materiallar, o‘quv uslubiy majmualar ishlab chiqildi.
Ushbu o‘quv kursini o‘tkazilishi davri mobaynida Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan quyidagi qo‘shimcha ishlarni manzilli amalga oshirishlari rejalashtirilgan:
o‘quv-tarbiya muassasalari psixologlari malakasini oshirish;
Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchalarida tarbiyalanayotgan bolalarning ijtimoiy-psixologik holatini o‘rganish;
Sog‘liqni saqlash vazirligi tassarufidagi Bolalar uyi pedagog xodimlari faoliyatini o‘rganish va monitoring qilish;
Oilaviy Bolalar uyi faoliyatini o‘rganish va monitoring qilish.
Ushbu ishlarni amalga oshirish yuzasidan “Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalari faoliyatini tubdan isloh qilish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilgan va Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim, Sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan kelishilgan.