2021 yilning avgust oyi edi. Atrofda pishiqchilik, husayni uzumlar g‘arq pishgan vaqt. Teleekranda Prezidentimizning poytaxtimizda joylashgan 21-sonli mehribonlik uyiga tashrifi ko‘rsatilayotgan edi.
2021 yilning avgust oyi edi. Atrofda pishiqchilik, husayni uzumlar g‘arq pishgan vaqt. Teleekranda Prezidentimizning poytaxtimizda joylashgan 21-sonli mehribonlik uyiga tashrifi ko‘rsatilayotgan edi. Mazkur tashrifi bilan davlatimiz rahbari barchamizning diqqat-eʼtiborini yurtimizdagi mehribonlik uylariga qaratdi, shaxsan o‘zi yuksak insoniylik fazilatini namoyon qildi. Mashoyixlarning “Bolaning begonasi bo‘lmaydi” degan gaplari mohiyatini shu kuni chuqur anglab yetgandek edim.
Ko‘rsatuvdan taʼsirlanganim holda, qalbimda ezgu bir niyat paydo bo‘ldi. O‘sha maqsad meni mahallamizda joylashgan Mehribonlik uyi sari yetakladi. Shu paytgacha uning oldidan bir necha bor o‘tganman, lekin hech qachon Mehribonlik uyining ichkarisiga kirmagan edim. O‘zimning ham ikki nafar farzandim bor, ularni bir muddat ko‘rmasam va ular ham meni bir muddat ko‘rmasalar dunyo ko‘zimizga tor bo‘lib ketadi. Prezidentimizning ko‘ngli o‘ksik bolajonlar bilan dillashgani, ularga qarata otalarcha aytgan samimiy so‘zlaridan keyin o‘ylanib qoldim, to‘g‘risi. Chindan ham bu yerda ota-onasiz yashayotgan bolalar mehrni qayerdan oladi?
Mehribonlik uyining panjarali darvozasidan kirishim bilan bolalarning ovozi eshitildi. Hovli sport mashg‘ulotlari tufayli o‘g‘il-qizlar bilan gavjum edi. Hammasi o‘zi bilan o‘zi ovora, baqir-chaqir qilib o‘ynab yurishibdi. Ularning kiyim-kechagiyu rang-ro‘yiga eʼtibor berdim. Hammasi joyida. Bolalarning ikki yuzi qip-qizil, tanalari tetikligidan sog‘lom ekanliklari ko‘rinib turibdi. Yuzlarida tabassum bo‘lsa-da, ko‘zlaridagi cheksiz mung yana ko‘nglimni g‘ash qildi. Eng achinarlisi, bu yerda chin yetimlargina emas, ko‘proq ota-onasi bor bolalar yashar ekan. Bu ona sifatida menga juda qattiq taʼsir qilgan ekan, o‘ylasam.
Endi o‘zimni boshqacha — tushkun his qila boshladim. Davlatimiz tomonidan bu beg‘ubor bolajonlarga hamma narsa muhayyo qilib qo‘yilgan bo‘lsa-da, ularga maʼnaviy ozuqa, ruhiy dalda, ko‘tarinkilik kerakligini Prezidentimiz bejiz aytmaganini anglab yetdim. Ayni o‘sha gaplardan so‘ng bu yerda yashayotgan qizlarga o‘z hunarimni o‘rgatish maqsadida kelgan edim, aslida. Bilmayman, menga nima bo‘ldi? O‘sha paytdagi holatimni so‘z bilan tasvirlay olmayman. Saldan so‘ng o‘zimga keldim. Yuragimning tub-tubidan allanechuk mehr uyg‘ondi. Qizlarga beminnat hunar o‘rgatishga chin dildan, qatʼiy qaror qildim.
Mehribonlik uyi derektori o‘rinbosari mayor Inomjon Davlatov tashabbusimni qo‘llab-quvvatlab, qizlarning ro‘yxatini shakllantirib berdi. O‘sha kundan boshlab qizlarga hunar o‘rgatishni boshladim. Hech qancha o‘tmay, universitetimiz boshlig‘i M.Rustambayevning taklifi bilan bu harakatimiz “Mohir qo‘llar” to‘garagiga aylanib ketdi. Qizlar mashg‘ulotlarga zo‘r ishtiyoq bilan qatnashib, sunʼiy gullar yasashning sir-asrorlarini tirishqoqlik bilan o‘rgana boshladilar.
Dastlab 10 nafar aʼzo bilan ish boshlagan to‘garagimizda bugun 20 ga yaqin qiz gul yasashdek nafis sanʼat, ajoyib hunar sirlarini puxta o‘zlashtirishmoqda. Ularning ilk yasagan gullariga qarab zavqlanishlarini ko‘rsangiz edi... Qo‘l mehnatlaridan paydo bo‘lgan moʻjiza — sunʼiy gullar o‘ksik ko‘ngillarni tog‘dek ko‘targanidan o‘zimning ham boshim ko‘kka yetdi. Hozirda ishlarimiz avjida. Gullarimizning o‘ziga yarasha xaridorlari bor.
Bundan ruhlangan qizlar hunar o‘rganishga yana-da zo‘r berishyapti. To‘garak faoliyatini to‘laqonli tashkil etishimizda universitetimizning ko‘plab kafedralari beg‘araz yordamlarini ayamadilar. Qizlarning yutuqlarini ko‘rib, o‘z farzandi yutuqlaridan sevingan onadek mehrim jo‘shib ketadi. Oz bo‘lsa-da, ularga mehr berayotganim, qizlarni hunarga jalb etayoganim uchun avvalo Prezidentimiz, qolaversa, universitetimiz rahbariyatiga cheksiz minnatdorlik bildiraman.
Va shu o‘rinda buyuk bobomiz Alisher Navoiyning quyidagi o‘lmas misralarini eslashni joiz topdim.
Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borki, Kaʼba vayron bo‘lsa obod aylagay.