Toshkent viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan Bo‘ka shahrida joylashgan 15-sonli Mehribonlik uyining 16 yoshga to‘lgan olti nafar tarbiyalanuvchilariga asosiy hujjat hisoblangan -ID-karta ko‘rinishidagi fuqarolik hujjati topshirildi.
Mutasaddilar avvalo, mazkur hujjat bilan tarbiyalanuvchilarni tabrikladi, shu bilan birga, ID-karta shaxsni va fuqarolikni tasdiqlovchi hujjat ekanligini hamda unda egasining shaxsiy biografik va biometrik maʼlumotlari bo‘lgan elektron tashuvchi mavjudligini tushuntirdi.
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan ID-kartaning amal qilish muddati ko‘rsatilib, agar, fuqaroning familiyasi yoki boshqa maʼlumotlari o‘zgarsa, bunday hollarda biometrik maʼlumotlarni yig‘ish nuqtasiga murojaat qilish zarurligi haqida tavsiya berildi.