Toshkentda yetim va ota-onalar qaramog‘isiz qolgan bolalarning ijtimoiy moslashuvini taʼminlash borasidagi ishlarni o‘rganish natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Bosh prokuratura, Xalq taʼlimi vazirligi va Milliy gvardiya vakillari hamda shahar va tuman hokimliklarining bolalarni himoya qilish sektorlari mutaxassislari qatnashdi. Yig‘ilishni Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik S.Mamayusupov olib bordi.
Kun tartibidagi masala bo‘yicha Milliy gvardiya Bolalar muassasalari bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i polkovnik A.Pirmatov, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i S.Karimov, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) S.Rahmatov, Xalq taʼlimi vazirligi Ijtimoiy himoya va bolalarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i F.Ahmedov, Jamoat xavfsizligi universiteti Harbiy vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi boshlig‘i, podpolkovnik Sh.Akramovalar maʼruza qildi.
Yig‘ilishda “Mehribonlik” uylarini noinstitutsionallashtirish ishlari yakuni va o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarini oilaviy bolalar uylari va patronatga joylashtirish tizimining joriy qilinishini o‘rganish natijalari, mavjud kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish va tizimni yana-da takomillashtirish choralari muhokama qilindi.
Bildirilgan takliflar va fikrlar masʼullar tomonidan eʼtiborga olinib, takliflarni atroflicha o‘rganish va ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha reja hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.